Ayolga ehtirom – jamiyatga ehtirom: Namanganda 8-mart munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi
08 Mar, 2026 - 20:34
43
Matbuot xizmati
Ayolga ehtirom – jamiyatga ehtirom: Namanganda 8-mart munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi
Bahorning ilk nafasi, mehr va ehtirom timsoli bo‘lgan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Namangan shahrida tantanali bayram tadbiri tashkil etildi. Jamiyatimiz taraqqiyotida, oilalar mustahkamligida hamda yosh avlodni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda munosib o‘rin tutib kelayotgan ayollar sha’niga bag‘ishlangan ushbu tadbir samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Namangan shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan bayram dasturida shahrimizning turli sohalarida fidokorona mehnat qilib, jamiyat rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan 400 nafarga yaqin ayol-qizlar ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘z olgan Namangan shahar hokimi Ayubxon Kamalov yig‘ilganlarni bayram bilan muborakbod etib, yurtimizda ayollarning jamiyatdagi mavqei tobora yuksalib borayotgani, davlat siyosatida ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini qayd etdi. Shuningdek, ayollar oilalar tayanchi, farzandlar tarbiyasining asosiy ustuni, jamiyat barqarorligi va taraqqiyotining muhim omili ekanini alohida ta’kidladi.
Xalqimizning azaliy urf-odatlari bir necha ming yillardan buyon ayolga bo‘lgan hurmatni ruhimizga singdirib kelishi Siz azizlarning hayotimizda tutgan yuksak o‘rningizni anglatsa, Yurtboshimiz boshchiliklarida Ayol fenomenining yuqori o‘rinlarga qo‘yilishi esa Sizlarning jamiyatimizda tutgan o‘rningiz beqiyos ekanini anglatadi. Siz eng avvalo Ona, Yangi O‘zbekistonning mustahkam poydevorlarining Onasisiz! Siz mehribon singil, Siz suyukli yorsiz! Siz millatning, jamiyatning ajralmas bo‘lagi bo‘lgan Ayolsiz! Siz va Siz orqali Yangi O‘zbekistonning barcha ayol-qizlarini o‘zim va men boshchilik qilayotgan Namangan shahar hokimligi jamoasi nomidan bugungi bayram munosabati bilan tabriklayman! Zero Sizlar sabab bizning har kunimiz bayram!
— dedi shahar hokimi o'z nutqida.
Tadbir davomida ta’lim, tibbiyot, tadbirkorlik, madaniyat va boshqa ko‘plab sohalarda namunali faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh ayol-qizlar Namangan shahar hokimining maxsus tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Bayram dasturi san’atkorlar tomonidan ijro etilgan dilbar kuy-qo‘shiqlar bilan yanada fayzli tus oldi. Go‘zal musiqalar va samimiy tabriklar Alisher Navoiy nomidagi musiqali drama teatriga yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, ushbu qutlug‘ sana ayollarga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtirom ifodasi ekanini yana bir bor namoyon etdi.