HUDUDLARDA ISTE’DODLI YOSHLARNI ANIQLASH VA QO‘LLAB-QUVVATLASHNING YANGI TIZIMI YO‘LGA QO‘YILMOQDA

16 Oct, 2026 - 18:01
48
HUDUDLARDA ISTE’DODLI YOSHLARNI ANIQLASH VA QO‘LLAB-QUVVATLASHNING YANGI TIZIMI YO‘LGA QO‘YILMOQDA

Matbuot xizmati

O‘zbekistonda milliy madaniyat va san’atni rivojlantirish, xalq og‘zaki ijodi an’analarini asrab-avaylash, shuningdek, iste’dodli yosh ijodkorlarni aniqlash va ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–103-son Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida “Askiya, qiziqchilik va stendap” ijodiy birlashmasi faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uning hududlardagi faoliyatini rivojlantirish hamda mazkur yo‘nalishda yangi iste’dodlarni kashf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur vazifalar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida ijodiy birlashma tomonidan hududiy madaniyat boshqarmalari bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanib, o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolanmoqda. Ushbu hamkorlik orqali mahalla — tuman — viloyat — respublika bosqichlarida tanlovlar tashkil etish, yosh iste’dodlarni saralash va ularning ijodiy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilgan.

Bugun ushbu yo‘nalishdagi ishlar doirasida Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlari madaniyat boshqarmalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, hududlarda faoliyat yuritayotgan iste’dodli yoshlarni izlab topish, ularni qo‘llab-quvvatlash va katta sahnaga olib chiqish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi.

Uchrashuvlarda hududlardagi madaniyat markazlari, ijodiy jamoalar va boshqa tegishli muassasalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, yoshlarning qiziqish va qobiliyatlarini o‘rganish, ularni ijodiy tanlovlarga keng jalb etish hamda istiqbolli ijodkorlar bilan manzilli ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, askiya va qiziqchilik kabi milliy san’at yo‘nalishlarining boy an’analarini yosh avlodga yetkazish, zamonaviy stendap yo‘nalishini rivojlantirish, ijodkorlarning sahna mahorati va ijodiy tajribasini oshirish, ularning respublika miqyosidagi tanlovlarda munosib ishtirok etishini ta’minlash masalalari ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

Kelishuvlarga muvofiq, iqtidorli yosh ijodkorlarni bosqichma-bosqich saralash, ularning professional mahoratini oshirish va xalqaro tajribani o‘rganishiga ko‘maklashish, shuningdek, nufuzli xorijiy tanlov va festivallarda ishtirok etishga tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

Mazkur tashabbus hududlarda ijodiy muhitni yanada jonlantirish, yoshlarning madaniyat va san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirish, milliy kulgi san’atining davomiyligini ta’minlash hamda yangi iste’dodlarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Asosiy maqsad — har bir hududdagi iste’dodli yoshga o‘z qobiliyatini namoyon etish, ijodiy salohiyatini rivojlantirish va katta sahnaga chiqish imkoniyatini yaratishdan iborat.

Azizbek ABDUGʻANIYEV, Jurnalist,

Madaniyat boshqarmasi Matbuot kotibi

Namangan viloyat madaniyat boshqarmasi

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash