Namangan viloyati hokimi yosh ijodkor va madaniyat sohasidagi yoshlar bilan uchrashdi

24 Apr, 2025 - 23:04
20
Namangan viloyati hokimi yosh ijodkor va madaniyat sohasidagi yoshlar bilan uchrashdi

Namangan viloyati Madaniyat boshqarmasi Matbuot xizmati

Namangan shahridagi ixtisoslashtirilgan san’at maktabida bo‘lib o‘tgan tadbir avvalida madaniyat va san’at sohasida o‘ziga xos yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan yosh ijrochilar mahoratlarini namoyish qilishdi.

Ta’kidlash joiz, oxirgi ikki yil ichida namanganlik 471 nafar o‘quvchi xalqaro va respublika tanlovlarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda yoshlarning sohaga oid 30 dan ziyod murojaatlari: muammo, taklif va mulohazalari tinglandi. Xususan, binoni ta’mirlash, kadastr qilishdan tortib, turli badallar to‘lovi, yangi loyihalarni moliyalashtirish, sahna liboslari bilan ta’minlash, xorijiy cholg‘u asboblari sotib olishu zamonaviy ovoz yozish studiyalari tashkil etishgacha ko‘tarilgan masalalarning barchasi shu joyning o‘zida ijobiy yechim topdi.

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ijodkor yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amho‘rlik doimiy ravishda davom etishini ta’kidlab, tegishli mutasaddilarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.

Muloqotda yosh ijodkorlar shu yil may-iyun oylarida viloyatda bo‘lib o‘tadigan an’anaviy 64-xalqaro “Gullar festivali”da madaniy tadbirlarni yanada boyitish yuzasidan takliflar berdilar.

Samimiy va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan muloqot san’at yo‘lida izlanayotgan iqtidorlarni yangi yutuqlar sari ruhlantirdi.

Namangan viloyati Madaniyat boshqarmasi Matbuot xizmati


Fayllar:

Namangan viloyat madaniyat boshqarmasi

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash