O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikalari o‘rtasidagi madaniy aloqalar yanada mustahkamlanmoqda

28 May, 2025 - 11:48
264
O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikalari o‘rtasidagi madaniy aloqalar yanada mustahkamlanmoqda

Namangan viloyati Madaniyat boshqarmasi Matbuot xizmati

Qirg‘iz Respublikasi Bobur nomidagi O‘sh davlat akademik musiqali teatri Namangan viloyatida ijodiy safarda bo‘ldi.

Teatr ijodkorlari tomonidan yozuvchi O‘tkir Hoshimovning “Urushning so‘nggi qurboni” hikoyasi asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyish etildi.

"Bunday do‘stlik uchrashuvlari yanada ko‘proq tashkil qilinishi foydali, chunki teatr ijodkorlari o‘rtasidagi bevosita muloqot va hamkorlik ikki xalqning madaniy yaqinlashuviga xizmat qiladi. O‘z o‘rnida bugungi yaratib berilgan shart-sharoitlar uchun ikki yurt Prezidentlari, Madaniyat vazirligi hamda Namangan viloyati hokimligi, madaniyat boshqarmasi qolaversa, yuqori darajada ko‘tarinkilik bilan tashkil etilgan samimiy qabul uchun Namangan viloyati musiqali drama teatri jamoasiga jamoamiz nomidan minnatdorchilik bildiramiz" - deydi O‘sh davlat akademik musiqali teatri  direktori A’zamjon Abdurazzoqov.

Bobur nomidagi O‘sh davlat o‘zbek akademik musiqali drama teatri joriy yil bahorida O‘zbekistonning Andijon, Farg‘ona, Marg‘ilon va Namangan shaharlarida gastrol safari bilan qatnashib, o‘z ijodiy faoliyatida muhim voqeaga qadam qo‘ydi.

G‘alabaga bag‘ishlangan sahna asari

Gastrol doirasida mashhur yozuvchi O‘tkir Hoshimovning “Urushning so‘nggi qurboni” hikoyasi asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyish etildi. Asar inssenirovkasi va rejissurasi taniqli teatr arbobi Ravshanbek Tursunovga tegishli bo‘lib, spektakl G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlandi. Mezbonlar qirg‘izistonlik hamkasblarini go‘zal kuy qo‘shiqlar,  raqslar bilan iliq kutib olishdi.

“Har bir sahnada bizning asosiy maqsadimiz – urushning og‘ir oqibatlarini, insoniy tuyg‘ularni, ajralgan oilalarning dardini ko‘rsatish edi,” – deydi rejissyor Ravshanbek Tursunov.

Oila fojiasi – sahnada

Spektaklning yana bir ta’sirli qismida — frontdan kelgan xat orqali oilaga yetkazilgan og‘riqli xabar. Oila a’zolarining kechinmalari, ota-onaning og‘rig‘i, opa-singillar quvvat berishi sahnada realistik ravishda aks ettirildi.

Tomoshabinlar fikri

Tomoshabinlar ham ko‘zlarida yosh bilan bugungi tinchlik osoyishtalik kunimizga shukrlar keltirib tomosha qilishdi.

“Bu spektakl yuragimni titratdi. Urush haqida faqat darslarda emas, shunday qalbdan chiqqan sahnalarda bilish kerak ekan,” — dedi Namangandagi tomoshabinlardan biri.

Madaniy do‘stlik – ijod orqali

Teatr jamoasi barcha viloyatlarda katta mehr va samimiylik bilan kutib olindi. Gastrol safarlari davomida ijodkorlar va mahalliy teatr ahli o‘rtasida ijodiy muloqotlar va tajriba almashinuvlari ham bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, Namangan viloyati musiqali drama teatri jamoasi joriy yilning kuz oylarida Qirg‘iz Respublikasining Bobur nomidagi O‘sh davlat akademik musiqali teatriga ijodiy safar bilan borishi kutilmoqda.

Namangan viloyati Madaniyat boshqarmasi Matbuot xizmati

 

Namangan viloyat madaniyat boshqarmasi

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash