Xodim ma’muriy javobgarlikka tortilgandan so‘ng unga intizomiy jazo berish mumkinmi?
15 Feb, 2026 - 05:36
44
Namangan viloyati Madaniyat boshqarmasi Matbuot xizmati
Agar xodim ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, ish beruvchi yana uni intizomiy tartibda jazolashi mumkinmi? Bu savol ko‘plab rahbarlar va kadrlar bo‘limi xodimlarini qiziqtiradi.
Mehnat kodeksining 313-moddasi, 3-qismida qayd etilganidek, bir intizomiy qilmish uchun faqat bitta intizomiy jazo qo‘llanilishi mumkin. Bu shunchaki formal talab emas — mehnat munosabatlarida qonuniylik va adolatni ta’minlash uchun muhim qoidadir.
Lekin bu cheklov faqat intizomiy jazolarga taalluqli. Agar xodimga ma’muriy jazo qo‘llangan bo‘lsa, bu uning mehnat vazifalariga bog‘liq bo‘lgan holda bo‘lsa, unga qo‘shimcha ravishda intizomiy jazo ham belgilanishi mumkin.
Mehnat kodeksining 313-moddadagi ta’qiq – “bir qilmish – bir intizomiy jazo” tamoyiliga asoslangan. Ammo agar xodimning qilmishi faqatgina ma’muriy huquqbuzarlik bilan chegaralanib qolmay, u mehnat intizomi nuqtai nazaridan ham qonunbuzarlik sanalsa, unga nisbatan intizomiy chora ham ko‘rishga yo‘l ochiq bo‘ladi.
Masalan, tasavvur qiling, tibbiyot xodimi shoshilinch tibbiy yordamni asossiz rad etib, bemor hayoti xavf ostida qoldi. Bu holat uchun unga MJTKga asosan ma’muriy javobgarlik belgilandi. Lekin shu bilan birga, agar bunday harakat ish vazifalarini qo‘pol buzish deb ichki qoidalarda ko‘rsatilgan bo‘lsa, ish beruvchi Mehnat kodeksining 312-moddasiga asosan intizomiy jazo — masalan, hayfsan yoki hatto mehnat shartnomasini bekor qilishni ham qo‘llashi mumkin.
Ibragimov Doniyor Baxtiyor o‘g‘li, Namangan viloyati madaniyat boshqarmasi yuriskonsulti
“1-darajali yurist”