Asrlar ortidan porlagan ziyo
15 Feb, 2026 - 10:58
22
Namangan viloyati Madaniyat boshqarmasi Matbuot xizmati
Namangan ixtisoslashtirilgan san’at maktabida so‘z mulkining sultoni, buyuk mutafakkir Hazrat Mir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlangan “Asrlar ortidan porlagan ziyo” deb nomlangan nazm va navo kechasi bo‘lib o‘tdi.
Bobokalonlarimiz tomonidan yaratilgan boy va beqiyos adabiy meros asrlar osha o‘z jozibasini yo‘qotmay, bugungi avlodni ham o‘ziga rom etib kelmoqda. Zero, ildizni bilmoq – o‘zlikni anglamoq, milliy qadriyatlarimizni chuqur his etmoq demakdir.
Tadbir davomida an’anaviy xonandalik bo‘limi o‘qituvchilari va iqtidorli o‘quvchilari tomonidan Navoiy va Bobur g‘azallari asosida ijro etilgan diltortar navolar, nazm va kuy uyg‘unligi yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitib, ularning qalbida komil inson g‘oyasini yanada teranroq anglashlariga xizmat qildi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi rahbari, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, yozuvchi, shoir va notiq Ziyovuddin Mansur hamda viloyatimizning ko‘zga ko‘ringan ijodkorlari — shoirlar N. Abbos, D. Haydarova, R. Go‘ziyeva ishtirok etib, o‘zlarining mazmunli fikr-mulohazalari, ijodiy chiqishlari bilan tadbirga alohida fayz bag‘ishladilar.
Uchrashuv mehmonlar va o‘quvchilar o‘rtasida jonli muloqot ruhida kechib, buyuk ajdodlarimiz ijodiga bo‘lgan qiziqish yanada ortishiga, yoshlarning adabiyot va san’atga bo‘lgan muhabbatini mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar ushbu kecha qalblarida unutilmas taassurotlar qoldirganini mamnuniyat bilan e’tirof etdilar.
Namangan viloyati Madaniyat boshqarmasi Matbuot xizmati